FIDE reytingi yangilandi. Nodirbek Abdusattorov yana pastladi, Javohir Sindorov o'z o'rnini saqlab qoldi

Jahon shaxmat federatsiyasi (FIDE) sentyabr oyining yakuni bo'yicha yangilangan reytingni e'lon qildi. Reyting jadvalining kuchli 100 talik ro'yxatidan O'zbekistonning 5 nafar grossmeysteri joy oldi.
Reytingda Magnus Karlsen (Norvegiya) 2839 ochko bilan birinchi o'rinda qolmoqda. Uning reyting ochkolari o'zgarmagan bo'lsa-da, etakchilikni saqlab qoldi. Ikkinchi o'rinni amerikalik Hikaru Nakamura (2816), kuchli uchlikni esa yana bir AQSh vakili Fabiano Karuana (2789) yakunlagan.
O'zbekistonning birinchi raqamli shaxmatchisi Nodirbek Abdusattorov 2750 ochko bilan 12-o'rinni egalladi. Bu avvalgi oyga nisbatan 1 pog'ona past. E'tiborlisi, u avgust oyida 2748 ochko bilan 11-o'rinda edi. Garchi ochkolari 2 ballga oshgan bo'lsa-da, niderlandiyalik Anish Giri reytingda keskin ko'tarilib, Abdusattorovni bir pog'ona pastlashiga sababchi bo'ldi.
Javohir Sindorov esa reytingda O'zbekistonning ikkinchi raqamli grossmeysteri bo'lib qolmoqda. U 2721 ochko bilan 24-o'rinni saqlab qolgan. Uning reytingdagi o'rni o'tgan oy bilan bir xil bo'lsa-da, Sindorovning hisobidagi ballar miqdori 1 ochkoga kamaygan (avgustda 2722 edi).
Nodirbek Yakubboev reytingda 5 pog'ona yuqoriladi. Avgustda u 2681 ochko bilan 45-o'rinda edi, hozir esa 2689 ochko bilan 40-pog'onaga ko'tarilib oldi. Tajribali grossmeyster Rustam Qosimjonov 2671 ochko bilan 47-o'ringa tushgan. U o'tgan oyda 46-o'rinda edi. Yana bir o'zbekistonlik shaxmatchi Shamsiddin Vohidov reytingda 3 pog'ona pastladi. Hozirda u 2640 ochko bilan 86-o'rinni band etmoqda (avgustda 83-o'rin).
FIDE jamoaviy reytingiga ko'ra, O'zbekiston Shaxmat federatsiyasi 2601 ochko bilan 13-o'rinni egallab turibdi.