FIDE Jahon kubogi: Javohir Sindarov yana durang o'ynadi, Yoqubboev esa 4-o'rinni egallab, 50 ming dollarni qo'lga kiritdi

Hindistonning Goa shahrida yakunlanib borayotgan shaxmat bo'yicha jahon kubogi musobaqasida buun final va 3-o'rin uchun bahslarda javob partiyalari o'tkazildi.
Javohir Sindarov bugun xitoylik Vey Yiga qarshi qora donalarda o'ynadi. Sportchilar qisqa vaqt ichida 30 ta yurishni amalga oshirishdi va yakunda durangga imzo chekishdi. G'olib nomi ertaga o'tkaziladigan tay-brek partiyalarda aniqlanadi.
Uchinchi o'rin uchun kechgan ilk bahsda Nodirbek Yoqubboev rossiyalik Andrey Esipenkoga imkoniyatni boy bergan edi. Shu bois bo'lsa kerak, hamyurtimiz bugun bir qator hujumkor yurishlar orqali tavakkalchilikka bordi. Raqib esa juda aniq yurishlarni topdi. Oqibatda Esipenko bu safar ham g'alaba qozondi.
Rossiyalik shaxmatchi 3-o'rin orqali jahon toji uchun talabgorlar musobaqasi yo'llanmasini qo'lga kiritgan bo'lsa, Yoqubboev to'rtinchi o'rin bilan cheklandi. Bu orqali Nodirbek 50 ming AQSh dollariga ega bo'ldi.