Turkiyaning «Fenerbaxche» klubi «Marsel» hujumchisi Meyson Grinvud transferi ustida faol ish olib bormoqda. Bu haqda nufuzli L'Équipe nashri xabar tarqatdi.

Istanbul klubi rahbariyati 24 yoshli ingliz futbolchisi va uning vakillari bilan shaxsiy shartnoma shartlari bo'yicha to'liq kelishuvga erishgan. «Fenerbaxche» futbolchiga moliyaviy jihatdan juda manfaatli taklif tayyorlagan va uni joriy yozgi transfer oynasidagi asosiy maqsadlaridan biri sifatida ko'rmoqda.

Biroq Frantsiyaning «Marsel» klubi bilan muzokaralar ancha murakkab tus olgan. Turkiya tomoni hujumchi uchun 30 million evro va bonuslar to'lashga tayyor. Frantsuzlar esa o'z yulduzini 50–55 million evroga baholamoqda va narxni tushirish niyatida emas.

Qayd etish joizki, Meyson Grinvudga bo'lgan qiziqish faqatgina Turkiya klubi bilan cheklanib qolmayapti. Futbolchining atrofidagi vaziyatni Madridning «Atletiko», Saudiya Arabistonining «Al-Hilol» hamda Italiyaning «Roma» klublari ham diqqat bilan kuzatib bormoqda.

Manba: Stadion.uz