Federal sud "Maynts"ning Falastinni himoya qilgan Anvar El-G'oziy ishi bo'yicha apellyatsiyasini rad etdi. Futbolchi tovon puli oladi

Anvar El-G'oziy ishi bo'yicha «Maynts» klubi tomonidan berilgan apellyatsiya rad etildi.
Eslatib o'tamiz, 2023 yil 7 oktyabrda Falastin-Isroil mojarosi keskinlashganidan so'ng, Anvar ijtimoiy tarmoqlarda shunday yozgan edi: «Bu mojaro ham, urush ham emas. Bu genotsid va ommaviy qirg'in, biz esa buni jonli efirda kuzatyapmiz». U o'z murojaatini Falastinni ozod qilish haqidagi shior bilan yakunlagan, biroq keyinchalik postni o'chirib tashlagan edi. Klub futbolchini mashg'ulotlar va o'yinlardan chetlatdi.
2023 yilning noyabr oyida Germaniya klubi niderlandiyalik yarim himoyachi bilan shartnomani bekor qildi. Futbolchi Maynts mehnat nizolari sudiga murojaat qilib, ishni yutib chiqdi. Sud klub zimmasiga futbolchiga 1,5 million evro to'lash majburiyatini yukladi. «Maynts» ushbu qaror ustidan apellyatsiya bergan edi.
Bugun Erfurtdagi Federal mehnat nizolari sudi avvalgi instantsiyalar qarorini o'z kuchida qoldirish haqida hukm chiqardi. Shu tariqa, klub baribir futbolchiga tegishli mablag'ni to'lashga majbur bo'ladi — ushbu qaror ustidan shikoyat qilish mumkin emas.
Allgemeine Zeitung nashrining ta'kidlashicha, El-G'oziy, shuningdek, 1,2 million evro miqdoridagi zararni qoplashni talab qilish niyatida — katta ehtimol bilan, ushbu sud jarayoni yaqin orada boshlanadi.
Hozirda Anvar Qatarning «Al-Sayliya» klubi sharafini himoya qilmoqda.