Fabritsio Romano: Mourino "Real"ga qaytishga tayyorligini ma'lum qildi

Joze Mourino «Real Madrid» boshqaruvini qo'lga olishga tayyor. Jurnalist Fabritsio Romanoning xabar berishicha, portugaliyalik mutaxassis Madrid klubiga qaytishdan manfaatdor va bu haqda avvalroq ham ma'lumotlar berilgan edi.
Shu bilan birga, Romanoning ta'kidlashicha, Mourino yagona nomzod emas. «The Special One» «Real»ning to'rt nafar murabbiydan iborat qisqa ro'yxatiga (short-list) kiritilgan. Yakuniy qarorni madridliklar prezidenti Florentino Peres shaxsan qabul qiladi.
Qayd etilishicha, «Benfika» Joze Mourinoni jamoa boshqaruvida saqlab qolmoqchi. Biroq murabbiyning shartnomasida 6 million evro miqdorida tovon puli to'lab, uni sotib olish bandi mavjud. Ushbu imkoniyat may oyi oxirigacha amal qiladi.
Ma'lumki, Joze Mourino 2010–2013 yillarda «Real Madrid» bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritgan.