«Pari Sen-Jermen» hujumkor yarim himoyachisi Li Kan In Madridning «Atletiko» klubiga o'tishga bir qadam qoldi.

Parijliklar va «matraschilar» transfer shartlari bo'yicha kelishuvga juda yaqin turishibdi, deb xabar bermoqda insayder Fabritsio Romano. 25 yoshli o'yinchining o'zi Ispaniya klubi bilan shaxsiy shartnoma shartlarini kelishib bo'lgan.

Li Kan In bundan avval ham La Ligada to'p surgan: u Frantsiyaga ko'chib o'tishdan oldin «Valensiya» va «Malorka» sharafini himoya qilgan. Yakunlangan mavsumda janubiy koreyalik futbolchi Luis Enrike qo'l ostida barcha musobaqalarda 39 ta o'yinda maydonga tushib, o'z hisobiga 4 ta gol va 5 ta golli uzatmani yozdirib qo'ydi. Transfermarkt portali ushbu universal xavbekning transfer qiymatini 28 million evroga baholamoqda.

Manba: Stadion.uz