Fabregas Mourinoning «Real»ga tayinlanishi mumkinligi haqida gapirdi

«Komo» bosh murabbiyi Sesk Fabregas «Benfika» ustozi Joze Mourinoning «Real Madrid» boshqaruviga qaytishi haqidagi xabarlarga o'z munosabatini bildirdi.
«Bu meni hayron qoldirmaydi, Mourino — buyuk murabbiy. Bir necha oy oldin u bilan Londonda ko'rishib qolgandik va bundan juda xursand bo'lgandim. U juda kuchli tayyorgarlikka ega mutaxassis va buni qaerda ishlamasin, hatto hozir «Benfika»da ham isbotlab kelmoqda. Men uchun u doim murabbiylik lavozimiga eng loyiq nomzodlardan biri bo'lib qoladi», — dedi Fabregas El Partidazo de COPE nashriga bergan intervyusida.
Eslatib o'tamiz, Sesk Fabregas futbolchilik faoliyati davomida «Chelsi»da aynan Mourino qo'l ostida to'p surgan. Portugaliyalik mutaxassis 2014 yilda ispaniyalik yarim himoyachini «Barselona»dan London klubiga taklif qilgan edi.