UEFA Evropa Ligasi va Konferentsiyalar Ligasining final uchrashuvlarini boshqaradigan hakamlar nomini e'lon qildi.

20 may kuni bo'lib o'tadigan Evropa Ligasining hal qiluvchi bahsida «Aston Villa» va «Frayburg» jamoalari to'qnash kelishadi. Ushbu o'yinni Fransua Letekse boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqarib boradi. Unga hamyurtlari Siril Mune va Mexdi Raxmuni yordam berishadi. Zaxira hakami sifatida ispaniyalik Alexandro Ernandes Ernandes qayd etilgan. VAR tizimi uchun Jerom Brisar mas'ul bo'ladi, unga Villi Delajo va Dennis Xigler ko'maklashadi.

27 may kuni o'tkaziladigan Konferentsiyalar Ligasi finalida esa «Kristal Pelas» va «Rayo Valekano» bahs olib boradi. Ushbu uchrashuvga italiyalik Mauritsio Mariani bosh hakam etib tayinlandi. Uning assistentlari — Daniele Bindoni va Alberto Tegoni, zaxira hakami — shvetsiyalik Glenn Nyuberg. Videoassistent (VAR) sifatida Marko Di Bello ishlaydi, unga Daniele Kiffi va Ivan Bebek yordam berishadi.