Estadio Deportivo «Real» yarim himoyachisidan uzr so'radi

Estadio Deportivo nashri «Real» yarim himoyachisi Dani Sebalos haqida tarqatgan o'z «insayd»ini rad etishga majbur bo'ldi. Avvalroq nashr saytida ispaniyalik futbolchi Orelen Tchuameni va Federiko Valverde o'rtasidagi mojaro tafsilotlarini klubdan tashqaridagi shaxslarga so'zlab bergani haqida maqola e'lon qilingan edi.
Shuningdek, xabarda jamoa bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa Sebalosni kiyinish xonasidagi ichki ma'lumotlarni OAV xodimlariga etkazishda gumon qilayotgani aytilgandi. Biroq oradan bir necha soat o'tib, nashr rasmiy raddiya bilan chiqdi.
«Futbolchining «ayg'oqchi» yoki «sotkin» rolida ishtirok etgani, «Real Madrid» kiyinish xonasidagi ichki ma'lumotlarni tarqatgani, shuningdek, jamoadoshlari o'rtasidagi go'yoki sodir bo'lgan mojaro haqidagi xabarlarni uchinchi shaxslarga etkazgani haqidagi ma'lumotlar haqiqatga to'g'ri kelmaydi.
Estadio Deportivo ushbu ma'lumotlarni inkor etadi va futbolchining sha'ni, imiji hamda professional obro'siga etkazilgan bo'lishi mumkin bo'lgan zarar uchun afsusda ekanini bildiradi», — deyiladi nashr bayonotida.