Londonning «Chelsi» klubi sobiq ustozi, ayni damda ishsiz maqomida bo'lgan Entso Mareskada Italiya A Seriyasida ish boshlash varianti paydo bo'ldi.

Italiya OAVlari tarqatgan ma'lumotlarga ko'ra, «Fiorentina» mutaxassis bilan mehnat shartnomasi imzolashga qiziqish bildirmoqda. Florentsiya klubi rahbariyati Mareskani joriy mavsum yakunlanganidan so'ng jamoaga taklif qilishga tayyor.

Italiya chempionatining ortda qolgan 29 turidan so'ng, «Fiorentina» 28 ochko jamg'argan holda turnir jadvalida 16-o'rinni egallab turibdi. Navbatdagi bahsda florentsiyaliklar o'z maydonida Milanning «Inter» jamoasini qabul qiladi. Uchrashuv bugun, yakshanba — 22 mart kuni bo'lib o'tadi. O'yinning boshlanish hushtagi Toshkent vaqti bilan soat 00:45 da yangraydi.