«Chelsi» bosh murabbiyi Liam Rosenor yarim himoyachi Entso Fernandesning kechirim so'raganiga qaramay, Angliya Premer-ligasining 32-turidan o'rin olgan «Manchester Siti»ga qarshi bahsda maydonga tushmasligini ma'lum qildi. Uchrashuv yakshanba, 12 aprel kuni bo'lib o'tadi.

«Men Entso bilan uch-to'rt marta juda yaxshi suhbatlashdim. U mendan va klubdan kechirim so'radi. Biz bu masalani yakshanba kungi muhim o'yindan keyin hal qilamiz.

Bu juda jiddiy masala bo'yicha jiddiy uchrashuv edi. Har qanday holatda ham men Entsoning xarakteriga yoki shaxsiyatiga shubha qilmayman. Insonlar xato qilishiga ishonaman. Lekin qilingan xato uchun jazoni bekor qilib bo'lmaydi. Men Entsoning bundan keyin ajoyib faoliyat yuritishini istayman», — deya Rosenorning so'zlarini keltirmoqda ESPN.

Eslatib o'tamiz, argentinalik yarim himoyachi faoliyatini Madridning «Real» klubida davom ettirish variantini ko'rib chiqishga tayyor ekanligini aytganidan so'ng «Chelsi» o'yinlaridan chetlatilgan edi.

Joriy mavsumda Entso Fernandes «Chelsi» safida barcha musobaqalarda 46 ta o'yinda ishtirok etib, 12 ta gol va 6 ta golli uzatmani amalga oshirdi.