Elit OChL: «Al-Ahli» qatorasiga ikkinchi bor final yo'llanmasiga ega chiqdi

Markazlashgan tartibda o'tkazilayotgan futbol bo'yicha Elit Osiyo Chempionlar ligasining hal qiluvchi pallasi boshlandi. Musobaqaning yarim final bosqichidan o'rin olgan dastlabki uchrashuvda qit'amizning ikki kuchli jamoasi — Jiddaning «Al-Ahli» hamda Yaponiyaning «Vissel Kobe» klublari o'zaro bahs olib bordi.
Murosasiz kechgan bellashuvning birinchi bo'limida yaponiyalik futbolchilar tashabbusni o'z qo'llariga olib, hisobni ochishga muvaffaq bo'lishdi. Biroq uchrashuvning ikkinchi yarmida amaldagi chempion — Saudiya Arabistoni klubi iroda namoyish etib, vaziyatni o'z foydasiga o'zgartira oldi. Galeno hamda Touni tomonidan kiritilgan gollar «Al-Ahli» jamoasiga 2:1 hisobidagi muhim g'alabani taqdim etdi.
Shu tariqa, Jidda klubi qatorasiga ikkinchi bor ushbu nufuzli turnirning finaliga yo'l oldi.
Elit OChL. Yarim final
«Vissel Kobe» (Yaponiya) – «Al-Ahli» (Saudiya Arabistoni) – 1:2
Gollar: Muto (31) – Galeno (62), Touni (70).