- O'yin haqida fikringiz?

- Bahs derbi maqomiga ega bo'lgani uchun ham og'ir kechishini bilardik. Bugun imkon qadar ochiq hududlar qoldirmaslikka va qanotlarni yopishga harakat qildik. "Sho'rtan"da tezkor o'yinchilar bor, ularga o'yin bermaslikka intildik. Raqibni uzun paslar bilan o'ynashga majbur qildik. O'yin rejamiz asosida o'tdi. Qarshi hujumlarda faol bo'lib gol urdik. Bugungi g'alaba futbolchilarimiz mehnati, shu bois yigitlarga rahmat aytaman.

- Adashmasak, jamoangiz 4-o'ringa ko'tarilib oldi. Bugun olti ochkoli o'yin kechdi desa bo'ladimi?

- Ha, shunday deyish mumkin. Ko'ryapsiz, beshlikka kirish uchun hamma kurashyapti, shu o'rinda biz ham harakat qilyapmiz.

- Aksar futbolchilar "Sho'rtan"da o'ynagan, qolaversa o'zingiz ham biz uchun begona emassiz. Jamoada ishlab ketganingiz bugun yordam berdi hisoblaysizmi?

- Xuddi shunday. "Sho'rtan"dagi ko'p futbolchilarni bilamiz. O'zimizdan o'tgan o'yinchilar nimaga qodirligini bilamiz. Bu bizga qo'l keldi. Raqibni o'rganish qiyin kechmadi.

- Jamoangizni bugungi kunda muxlislari shakllanganmi?

- Muxlislarimiz bor. Sekin-asta son ham ortib bormoqda. Universitetda fan-klub tashkil etilgan va ular ham bizni qo'llab turishibdi. "Lochin" yangi jamoa bo'lgani uchun hammasi sekin-asta bo'lyapti. G'alabalar bardavom bo'lsa, muxlislar ko'payib boradi.

- Zamonaviy futbolda media katta planga chiqib boryapti. Lekin afsuski, "Lochin" mediasi bugungi o'yinni yaxshi yoritmadi. Na matnli, na suratlar, na video - hech narsa chiqmadi. Klub rahbariyatining mediaga bo'lgan munosabati qanday?

- Matbuot bo'limi bizda bor, har bir o'yinimizga keladi. Safar uchrashuvlariga ham olib ketayotgandik. Lekin yaqin orada boshqa ishga o'tgani munosabati bilan hozircha media xodimisiz qoldik. Menimcha, tez orada boshqa ishchi olsak kerak.