"Real" himoyachisi Eder Militao to'p bilan mashg'ulotlarni davom ettirdi.

Braziliyalik futbolchi 7 dekabr kuni La Liga doirasida "Selta"ga qarshi o'yinda (0:2) sonining ikki boshli mushaklaridan pay shikastlanishi bilan jarohat olgan. Ma'lum qilinishicha, Militao tiklanishiga 4 oygacha vaqt ketadi.

Seshanba kuni Marca Militao to'p bilan ishlashni boshlagani haqida xabar berdi.

Eslatib o'tamiz, fevral oyi boshida "Real"ning yana ikki nafar jarohat olgan himoyachisi - Trent Aleksander-Arnold va Antonio Ryudiger maydonga qaytgandi.