Donnarumma: «Italiyani o'zi loyiq bo'lgan joyga qaytaramiz»

Italiya terma jamoasi posboni Janluiji Donnarumma Jahon chempionati — 2026 yo'llanmasi uchun Bosniya va Gertsegovinaga qarshi bo'lib o'tadigan hal qiluvchi pley-off o'yini haqidagi fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
«Bizni juda muhim o'yin kutmoqda. Terma jamoamiz to'liq shay holatda va o'z oldiga qo'yilgan maqsadga erishish niyatida. Biz «skuadra adzurra»ni o'zi loyiq bo'lgan yuksakliklarga qaytarmoqchimiz», — deya yulduz darvozabonning so'zlaridan iqtibos keltiradi Football-Italia.
Bosniya va Gertsegovina — Italiya uchrashuvi bugun, 31 mart kuni bo'lib o'tadi. O'yin Toshkent vaqti bilan tungi soat 23:45 da boshlanishi rejalashtirilgan.