Dmitriy Xomuxa: «O'zbekistonda Portugaliyaga qarshi durang o'ynash imkoni bor»

Moskva TsSKA klubining sobiq futbolchisi Dmitriy Xomuxa O'zbekiston terma jamoasining jahon chempionatida Kolumbiyaga qarshi o'yindagi (1:3) mag'lubiyati haqida fikr bildirdi.
«O'zbekiston terma jamoasiga nisbatan simpatiyam bor. Jamoaning ko'plab futbolchilari Rossiya chempionatida o'ynagan. Abbosbek Fayzullaev gol urdi. U TsSKAda yaxshi iz qoldirgan, RPL vakili bo'lgan futbolchi. Bundan tashqari, bu sobiq SSSR tarkibida bo'lgan mamlakat. Men ularga muxlislik qildim, durang natijani qo'ldan chiqarib yuborishgani afsuslanarli.
Kolumbiyaga qarshi o'yin natijasi haqqoniy bo'ldi. Janubiy Amerika jamoasi muntazam ravishda shunday yirik turnirlarda ishtirok etadi va katta tajribaga ega. Futbolchilar saviyasini taqqoslasak, ularniki O'zbekistonnikidan yuqoriroq. Terma jamoaga keyingi uchrashuvlarda ochko to'plashni tilayman.
O'zbekistonning pley-offga chiqish imkoniyatlari saqlanib qolgan. To'rt ochko keyingi bosqichga chiqish uchun kafolat bo'lishi mumkin. Bu variantni istisno qilib bo'lmaydi. Portugaliyaga qarshi bahsda durang o'ynash imkoni bor. DR Kongo esa futbolda imkonsiz narsaning o'zi yo'qligini ko'rsatdi», — dedi Xomuxa.
Abbosbek Fayzullaev 2023 yil avgustida TsSKAga o'tgan va 2025 yil iyuligacha jamoa sharafini himoya qilgan. 22 yoshli futbolchi «armiyachilar» safida 72 ta o'yin o'tkazib, 8 ta gol va 22 ta golli uzatma muallifi bo'lgan.
Manba: Stadion.uz