Divok Origi va «Milan» shartnomani bekor qildi — Romano

«Milan» hamda hujumchi Divok Origi tomonlar o'rtasidagi kelishuv 2026 yil iyuniga qadar mo'ljallanganiga qaramay, hamkorlikni muddatidan oldin to'xtatdi. Bu haqda insayder Fabritsio Romano xabar qildi.
30 yoshli belgiyalik futbolchi 2023 yil may oyidan beri «rossoneri» safida maydonga tushmagan. 2023/24 yilgi mavsumda Origi ijara asosida «Nottingem Forest» sharafini himoya qildi, shundan so'ng esa "Milan"ning asosiy tarkibidan butunlay chiqib qoldi va yakka tartibda mashg'ulot olib bordi. Shunga qaramay, forvard yiliga taxminan 4 million evro maosh olishda davom etdi — bu joriy yozda «Milan»ga qo'shilgan va 3,5 million evro ish haqi olayotgan yarim himoyachi Luka Modrichnikidan ham yuqori.
Divok Origi 2022 yilda «Milan»ga o'tgan va to'rt mavsumga mo'ljallangan shartnoma imzolagan edi.