Diego Simeone La Liga tarixida eng ko'p o'yinda g'alaba qozongan ikkinchi murabbiyga aylandi

Madridning "Atletiko" klubi bosh murabbiyi Diego Simeone Ispaniya chempionatining barcha davrlardagi rekordiga yaqinlashdi.
Shanba kuni "matraschilar" o'z uyida "Real Ovedo"ni Aleksandr Syorlotning dubli evaziga mag'lub etishdi (2:0). Endi Simeonening hisobida murabbiy sifatida La Liga doirasida 323 ta g'alaba bor - u bu ko'rsatkich bo'yicha Migel Munosga etib oldi, deya xabar beradi Opta. Rekordchi Luis Aragones bo'lib qolmoqda - u 344 ta o'yinda g'alaba qozongan.
Diego Simeone "Atletiko"ni 2011 yil oxirida qabul qilib olgandi. Ayni damda madridliklar 31 ochko bilan turnir jadvalida uchinchi o'rinda bormoqda. Jamoa keyingi turda 2 dekabr kuni amaldagi chempion "Barselona" mehmoni bo'ladi.