Diego Simeone «Arsenal» sport direktorini itarib yubordi

«Atletiko» Madrid bosh murabbiyi Diego Simeone Chempionlar ligasi yarim final javob uchrashuvining yakunida «Arsenal» sport direktori Andrea Berta bilan tortishib qoldi. Arsenal Radar nashrining xabar berishicha, argentinalik mutaxassis maydon chetida italiyalik funktsionerga qo'pol tarzda nimalarnidir uqtirgan, so'ngra unga yaqinlashib, itarib yuborgan.
To'qnashuv UEFA rasmiy vakillari tomonidan to'xtatildi. Ko'p o'tmay final hushtagi chalindi va u «kanonirlar»ning 1:0 hisobidagi g'alabasini (ikki o'yin natijasiga ko'ra 2:1) qayd etdi.
Eslatib o'tamiz, Andrea Berta «Arsenal»ga o'tishdan avval uzoq yillar davomida «Atletiko»da faoliyat yuritgan va 2013 yildan 2025 yilgacha texnik hamda sport direktori lavozimlarini egallagan. Diego Simeone esa o'z postida 2011 yil oxiridan beri ishlab kelmoqda.