Frantsiya terma jamoasi bosh murabbiyi Dide Desham faoliyati davomida Madridning «Real» klubi ustoziga aylanishi mumkin bo'lgani haqida gapirib berdi. Bu haqda Madrid Extra nashri xabar bermoqda.

«Men «Real»ning short-listidan (nomzodlarning qisqa ro'yxati) joy olgan edim. O'g'lim bu haqda menga hazil qilib gapirgani yodimda, chunki bu voqea va muzokaralar ikki yil davomida cho'zilgan edi», — deya Deshamning so'zlarini keltirmoqda matbuot.

Ma'lumot uchun, Dide Desham 2012 yildan buyon Frantsiya milliy terma jamoasini boshqarib kelmoqda. Uning qo'l ostida «uchranglilar» 2018 yilgi Jahon chempionatida hamda 2021 yilgi Millatlar ligasida g'oliblikni qo'lga kiritishgan.

Shuningdek, frantsuzlar uning boshqaruvida Evro-2016 va JCh-2022 turnirlarining finaliga qadar etib borishgan. Desham murabbiylik faoliyati davomida terma jamoadan tashqari «Monako», «Yuventus» va «Marsel» klublarida ham muvaffaqiyatli faoliyat yuritgan.