Frantsiya terma jamoasi bosh murabbiyi Dide Desham bo'lajak Jahon chempionati haqida o'z fikrlarini bildirib o'tdi. «Uchranglilar» mundialning asosiy favoritlari qatoriga kiritilmoqda. Biroq Desham frantsuzlarning 2002 yilgi musobaqada qanday ishtirok etganini yodga oldi.

«Hozir tarkibimizda juda ko'plab iqtidorli hujumkor futbolchilar bor. Ular buni o'z klublarida ham, terma jamoada ham isbotlashmoqda. Ammo mening xotiram pand bermaydi. 2002 yilda Frantsiya tarkibida Angliya, Italiya va Frantsiya ligalarining eng yaxshi to'purarlari bor edi, lekin biz birorta ham gol ura olmay, guruh bosqichidayoq turnirdan chiqib ketganmiz», — deya Deshamning so'zlarini keltiradi Le Parisien.

2002 yilgi Jahon chempionatida Frantsiya terma jamoasi Senegal (0:1), Urugvay (0:0) va Daniya (0:2) terma jamoalariga qarshi o'yinlarda bor-yo'g'i bir ochko to'plagan edi. O'shanda frantsuzlar tarkibida Terri Anri, Zinedin Zidan, David Trezege va Jibril Sisse kabi ko'plab yulduzlar to'p tepishgan.