Frantsiya terma jamoasi bosh murabbiyi Dide Desham hujumchi Kilian Mbappening paragvaylik senator Selesta Amarilya bilan bo'lgan mojarosidan keyingi holati haqida gapirib o'tdi.

«Kilianning ahvoli yaxshi. Nima bo'lishidan qat'i nazar, men ortga qarab, bu haqda yana o'ylashni istamayman. U ham ruhan, ham jismonan juda kuchli yigit. U faqat ertangi o'yinga e'tibor qaratgan», — dedi murabbiy matbuot anjumanida.

JCh-2026 1/8 finalida Paragvayga qarshi kechgan (Frantsiya 1:0 hisobida g'alaba qozongan) o'yindan so'ng, Amarilya 27 yoshli Mbappeni «o'ta mag'rur va o'zini frantsuz deb ko'rsatayotgan xunuk kamerunlik» deb atagandi. Bunga javoban futbolchi Amarilyani o'z lavozimiga noloyiq, tuban ayol deb atadi. Senator esa o'yinchini sudga berish bilan tahdid qilmoqda.

JCh-2026da Mbappe beshta o'yinda ettita gol urgan. 9 iyul kuni Frantsiya chorak finalda Marokash bilan to'qnash keladi.

Manba: Stadion.uz