Frantsiya terma jamoasi bosh murabbiyi Dide Desham 27 iyun kuni milliy jamoa ixtiyoriga qaytadi. Bu haqda uning yordamchisi Gi Stefan ma'lum qildi.

Eslatib o'tamiz, «uchranglilar» ustozi onasining vafoti haqidagi xabardan so'ng zudlik bilan vataniga uchib ketishga majbur bo'lgan edi. Guruh bosqichining Norvegiyaga qarshi so'nggi uchrashuvida jamoani Stefan boshqardi.

«Avvalambor, barcha xayolimiz Dide bilan, biz uning qaytishini intiqlik bilan kutyapmiz va ertaga u mashg'ulotlarda biz bilan birga bo'ladi», - dedi Stefan jurnalistlarga.

Kuni kecha frantsuzlar norvegiyaliklarni 4:1 hisobida tor-mor keltirishdi va guruhda birinchi o'rin bilan pley-offga yo'l olishdi. Desham shogirdlarining 1/16 finaldagi raqibi Shvetsiya jamoasi bo'ldi.

Manba: Stadion.uz