De la Fuente Angliyaga qarshi o'yin oldidan: "Jamoalarimiz jahon futboli cho'qqisida turibdi"

Millatlar Ligasi doirasidagi Ispaniya hamda Angliya o'rtasidagi bahs 15 noyabr kuni Madriddagi "Metropolitano" stadionida bo'lib o'tadi. A Ligasi 3-guruhidagi 5-turdan so'ng Ispaniya 15 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda, Angliya esa 12 ochko jamg'argan holda ikkinchi o'rinda bormoqda.
- Uchrashuvning qaysidir pallasida jamoa durang uchun o'ynashga qaror qilishi ehtimoli bormi? - Kafolat berishim mumkin: hech qachon. Biz g'alaba qozonishni istaymiz. Qolaversa, ertaga ketma-ket o'n uchinchi g'alabamizni qo'lga kiritishni maqsad qilganmiz. Ishontirib aytamanki, biz faqat g'alaba haqida o'ylayapmiz.
- Ertaga jahon futbolidagi eng ustun ikki o'yin modeli to'qnash keladimi? - Bilishimcha, FIFA reytingida birinchi va uchinchi o'rinlarni egallab turibmiz. Ingliz uslubiga kelsak... Men ispancha uslubni afzal ko'raman. U juda o'ziga xos va futbolchilarimiz unga ideal darajada mos tushadi. Ingliz modeli ham ajoyib, biroq uning uchun ma'lum toifadagi o'yinchilar kerak. Angliya Ispaniya kabi o'ynay olmaydi, Ispaniya esa - Angliyadek.
- Angliya siz duch kelgan eng qiyin raqibmi? - Fransiya, Angliya, Portugaliya - ular orasidagi farq unchalik katta emas. Har qanday alohida olingan o'yinda ularning har biri seni mag'lub etishi mumkin. Ikkala jamoamiz ham jahon futboli cho'qqisida turibdi. Hozir biz uzoq vaqtdan beri eng yaxshi formamizdamiz.
- Tuxel ushbu uchrashuv ular uchun mustahkamlik sinovi bo'lishini va hozir qaysi darajada ekanliklarini ko'rsatib berishini taxmin qildi. Sizningcha, raqiblar Ispaniyaga qarshi o'ynaganda ko'proq motivaciya olishadimi? - Bu jihatga to'xtaladigan bo'lsak: qaysi darajada ekanligingni tushunib olish haqidagi fikrlar odatda yuqori umidlar mavjud bo'lib, lekin hali sovrinlar qo'lga kiritilmagan paytda paydo bo'ladi. Bunday bahslar loyihani mustahkamlash uchun zarur. So'nggi beshta o'yinda bizga nisbatan talab darajasi nihoyatda yuqori bo'ldi. Hozir raqiblar bizni avvalgidan ko'ra ancha tajovuzkorroq tarzda mag'lub etishga intilishmoqda. Bu yoqimli bosim - demak, hammasini to'g'ri bajaryapmiz. Biroq bu biz uchun hech narsani o'zgartirmaydi: har bir raqibga bir xil intensivlik bilan yondashamiz. Maydonda eng yaxshi o'yinimizni ko'rsatamiz.
- Ispaniya "Uembli"dagiga qaraganda to'p ustidan ko'proq nazorat o'rnatishni xohlaydimi? Pedri hal qiluvchi rolni o'ynaydimi? - Angliya terma jamoasi tarkibida bo'sh zonalarga yorib kirishda o'zini ajoyib his qiladigan va ochiq, qarshi hujumlarga asoslangan o'yinda qulay harakatlanadigan futbolchilar bor. O'zaro so'nggi o'yinimizda ikkinchi bo'limda to'p nazoratini ushlab turish bizga oson kechmagandi. Shu bilan birga, Pedri - buyuk istedod sohibi. Lekin bizda shunga o'xshash uslubdagi o'yinchilar ko'p - Fabian, Merino... Maydonga kim tushishidan qati nazar, ularning barchasi nihoyatda kuchli. Biz har qanday holatda ham tanlovda adashmaymiz, - dedi de la Fuente.
Kommentariyalar