De Dzerbi «MYu»ni boshqarmoqchi edi

«Tottenxem»ning yangi bosh murabbiyi Roberto de Dzerbi aslida boshqa jamoani boshqarishga tayyor bo'lgan.
Italiyalik mutaxassis «shporlar» bilan kelishuvga erishishdan avval «qizil iblislar»ga murojaat qilib, mavsum yakunida Maykl Karrikning o'rnini egallashga tayyorligini bildirgan, deb xabar bermoqda Transfer News Live nashri talkSPORT’ga tayanib. Mankunianliklar esa bunga qiziqish bildirishmagan: murabbiyga uning nomzodi ko'rib chiqilmasligi ma'lum qilingan.
«Tottenxem» 31 mart kuni Roberto de Dzerbi tayinlanganini e'lon qildi. Avvalroq 46 yoshli mutaxassis Frantsiyaning «Marsel» klubida ishlagan va fevral oyida u erni tark etgan edi.
London jamoasi Premer-liganing 31-turidan so'ng turnir jadvalida 17-o'rinni egallab turibdi va xavfli hududda borayotgan «Vest Xem»ni atigi bir ochkoga ortda qoldirmoqda.