David Rayya EChLda mutlaq rekord ostonasida turibdi

“Arsenal” klubining ispaniyalik darvozaboni David Rayya bugun oqshom bo'lib o'tadigan UEFA Chempionlar Ligasi final bahsi oldidan musobaqa tarixidagi noyob natijalardan birini qayd etib ulgurdi. U Evropadagi eng nufuzli klublar turnirining bir mavsumida o'z darvozasi daxlsizligini 9 ta o'yinda saqlab qolgan tarixdagi to'rtinchi posbonga aylandi.
Bungacha EChLning bir mavsumida 9 ta “quruq o'yin” o'tkazish baxtiga faqatgina uch nafar darvozabon muyassar bo'lgan edi. Ushbu elita ro'yxatdan Santyago Kanisares (“Valensiya”, 2000/01), Keylor Navas (“Real Madrid”, 2015/16) va Eduar Mendi (“Chelsi”, 2020/21) joy olgan.
Agar ispaniyalik posbon bugungi hal qiluvchi bahsda “Pari Sen-Jermen” hujumchilarining zarbalarini bartaraf etib, darvozasidan to'p o'tkazib yubormasa, musobaqa rekordini yangilaydi. Bunday holatda Rayya Chempionlar Ligasi tarixida bir mavsumda 10 ta “quruq o'yin” o'tkazgan ilk golkiper sifatida mutlaq rekordchiga aylanadi.