Daniya terma jamoasi ustozi: "Rasmus Italiyaga qaytib, to'g'ri ish qildi"

Daniya terma jamoasi bosh murabbiyi Brayan Rimer hujumchi Rasmus Xyoylundning "Manchester Yunayted"dan "Napoli"ga o'tishi haqida fikr bildirdi.
22 yoshli futbolchi "qizil iblislar" safidagi o'rnini butunlay yo'qotdi va shu sababli Italiyaga qaytdi. "Napoli" daniyalikni sotib olish sharti bilan ijaraga oldi.
"O'ylaymanki, Rasmus uchun Italiya futboliga qaytish to'g'ri qaror. Aynan o'sha erda u katta yutuqqa erishdi va endi u yana o'sha sharoitda o'ynash imkoniyatiga ega bo'ladi. U Angliyaga ketishidan oldingi darajaga chiqishini kutyapman. Tezlik va jismoniy kuchning kombinatsiyasi Xyoylundni A Seriya uchun namunali hujumchiga aylantiradi.
O'tmishda u bu erda ko'plab gollar urishga qodirligini ko'rsatib bo'lgandi," - deya Rimerning so'zlarini keltiradi jurnalist Alfredo Pedulla.