"Chelsi" va "Milan" Liga 1 to'purariga da'vogarlik qilmoqda

"Strasburg" hujumchisi Xoakin Panichelli Evropaning nufuzli klublari qiziqishlari doirasiga tushib qoldi.
23 yoshli futbolchi joriy mavsumni yaxshi boshladi va Liga 1ning 8 o'yinida 7 marta raqib darvozasini ishg'ol qildi. Jurnalist Ekrem Konurning yozishicha, argentinalik futbolchining muvaffaqiyatlarini "Milan" va "Chelsi" diqqat bilan kuzatib bormoqda. Shuningdek, hujumchiga "RB Leyptsig", "Sevilya" va "Benfika" klublari da'vogarlik qilmoqda. Futbolchining transferi yanvar oyida ochiladigan qishki transfer oynasidayoq amalga oshishi mumkin.
Transfermarkt ekspertlari Xoakin Panichellining narxini 12 mln evroga baholamoqda. Aynan "Strasburg" hujum chizig'i etakchisi ayni damda Frantsiya chempionatida to'purarlar poygasida Meyson Grinvud (olti gol) va Ansu Fatini (besh gol) ortda qoldirib, peshqadamlik qilmoqda.