Londonning «Chelsi» klubi bosh murabbiyi Liam Rosenorning kelajagi jamoaning omadsiz natijalari fonida so'roq ostida qolmoqda.

Football.london nashrining xabar berishicha, agar «aristokratlar» rahbariyati ingliz mutaxassisini lavozimidan ozod etishga qaror qilsa, unga 24 million funt sterling miqdorida tovon puli to'lashiga to'g'ri keladi. Bunday katta mablag' murabbiyning 2032 yilning 30 iyuniga qadar mo'ljallangan uzoq muddatli shartnomasi bilan izohlanmoqda.

Eslatib o'tamiz, Liam Rosenor joriy yilning yanvar oyida Entso Mareska o'rnini egallagan edi. Biroq uning qo'l ostida jamoa inqirozga yuz tutdi — «ko'klar» APL doirasida qatorasiga beshta o'yindan beri mag'lubiyatga uchramoqda va ushbu bahslarning birortasida raqib darvozasiga yo'l topa olishmadi. Bu «Chelsi» uchun so'nggi 114 yil ichidagi eng yomon ko'rsatkichdir.

Ayni damda «Chelsi» Angliya chempionati turnir jadvalida 48 ochko bilan ettinchi o'rinni egallab turibdi.