Londonning «Chelsi» klubi Madridning «Real» yarim himoyachisi Eduardu Kamavingani sotib olish borasida «Liverpul»ga jiddiy raqobat tug'dirishi mumkin. «Ko'klar» frantsiyalik futbolchiga Entso Fernandesning klubdagi kelajagi so'roq ostida qolayotgan bir paytda qiziqish bildirmoqda. Bu haqda Caught Offside nashri xabar bermoqda.

Manbaning ma'lumotlariga ko'ra, «Chelsi» va «Liverpul» Kamavinganing atrofidagi insonlar bilan aloqa o'rnatishga harakat qilmoqda. Hozirgi bosqichda mersisaydliklar bu yo'nalishda kattaroq natijalarga erishishgan.

Avvalroq jurnalist Matteo Moretto «Real» Madrid 23 yoshli futbolchi uchun 50 million evro miqdoridagi takliflarni ko'rib chiqishga tayyorligi haqida xabar bergan edi.

Joriy mavsumda Kamavinga barcha turnirlarda 33 ta o'yinda ishtirok etib, o'z hisobiga 2 ta gol va 1 ta golli uzatmani yozdirib qo'ydi. Futbolchining klub bilan amaldagi shartnomasi 2029 yilning yoziga qadar mo'ljallangan. Transfermarkt portali taqdim etgan ma'lumotlarga ko'ra, uning bozor qiymati 50 million evroni tashkil etadi.