«Chelsi»ning yangi murabbiyida litsenziya yo'q

«Chelsi»ning vaqtinchalik bosh murabbiyi Kalum Makfarlen Premer-liga darajasida bosh murabbiy bo'lib ishlash uchun zarur bo'lgan UEFA Pro litsenziyasiga ega emasligini tan oldi.
40 yoshli mutaxassis joriy mavsumda ikkinchi bor «Chelsi»da murabbiy vazifasini bajaruvchi lavozimini egalladi — Liam Rosenor ishdan bo'shatilgach, uning yordamiga yana ehtiyoj tug'ildi.
«Menda Pro litsenziyasi yo'q, lekin o'tgan safar bu hech qanday xalaqit bermagan edi. Yigitlar menga ishonishadi, biz «Lids»ga qarshi o'yinda o'zimizni eng yaxshi tomondan ko'rsatishga tayyormiz», — deya Makfarlenning so'zlarini keltiradi Daily Mail.
Angliya Kubogi yarim finali doirasidagi «Chelsi» va «Lids» o'rtasidagi uchrashuv bugun «Uembli» stadionida bo'lib o'tadi. O'yin Toshkent vaqti bilan soat 19:00 da boshlanadi.