«Chelsi» klubi O'zbekistondan minglab futbolchilarni yashirin ravishda kuzatmoqda

Londonning «Chelsi» futbol klubi egalari almashganidan keyin yangi va ancha kengaytirilgan skautlik strategiyasini amalga oshirishga kirishdi. Bu safar klub an'anaviy markaziy bozorlardan tashqaridagi hududlarga e'tibor qaratmoqda. Xususan, Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan O'zbekistonga alohida urg'u berilmoqda. Bu esa mintaqa yosh iste'dodlari uchun beqiyos imkoniyatlarni ochib berishi mumkin.
Yangi rahbariyat kelishi bilan klubning transfer siyosati jiddiy o'zgardi. Endi «Chelsi» tayyor yulduzlardan ko'ra yosh va istiqbolli futbolchilarni topish hamda rivojlantirishga katta ahamiyat bermoqda. Shu maqsadda klub skautlari Markaziy Osiyoda tizimli ravishda ish boshladi. Qidiruv geografiyasi endilikda Qozog'iston, O'zbekiston, Qirg'iziston, Turkmaniston va Tojikistonni qamrab olmoqda — bu hududlar ilgari etakchi Evropa klublari diqqat markaziga deyarli tushmagan edi.
Skautlar faoliyati maksimal maxfiylik bilan olib borilmoqda. «Chelsi» mutaxassislari minglab yosh futbolchilarni ochiq oshkor qilmasdan o'rganishmoqda. Bunday yondashuv orqali yosh iqtidorlar narxining sun'iy ravishda ko'tarilishiga yo'l qo'yilmaydi. Ular yoshlar turnirlari, mahalliy ligalar o'yinlari va hatto mashg'ulotlarda ham kuzatuv olib borishmoqda.
Yangi strategiya samarasi allaqachon o'zini ko'rsatdi. Xususan, shu skautlar faoliyati natijasida qozog'istonlik hujumchi Dastan Satpaev bilan «Chelsi» shartnoma tuzdi. U kelasi yil London klubiga qo'shiladi. Bu transfer butun Markaziy Osiyo futboli uchun muhim voqea sifatida baholanmoqda.
O'zbekiston yosh futbolchilari uchun esa bu katta signal — ularning o'yini, texnikasi va o'sishi etuk mutaxassislar nazaridan chetda qolmayapti. Jahon futbolidagi etakchi klublardan biri kuzatuv olib borayotgani, ular uchun «katta futbolga» yo'l har qachongidan ham yaqin ekanini anglatadi.
Ayni vaqtda O'zbekiston o'z tarixidagi eng kuchli avlod futbolchilarini bermoqda. Buning yorqin namunasi sifatida Husanovning boshqa bir evropa grandi — «Manchester Siti»ga o'tganini misol qilish mumkin. Bu esa yana bir bor jahon futboli bizning mamlakatga jiddiy qiziqish bilan qarayotganini ko'rsatib turibdi.