"Chelsi" Jahon chempionati boshlanishiga qadar yangi bosh murabbiy tayinlamoqchi

Londonning "Chelsi" klubi Jahon chempionati startiga qadar jamoaga yangi bosh murabbiy tayinlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda jurnalist Ben Jeykobs xabar bermoqda.
Eslatib o'tamiz, London klubi joriy yilning yanvar oyidan buyon jamoani boshqarib kelgan Liem Rosenorni 22 aprel kuni iste'foga chiqargan edi. Hozirda jamoaga Kalum Makfarleyn rahbarlik qilmoqda. Makfarleyn joriy mavsumda Entso Mareska bilan xayrlashilganidan so'ng ham bosh murabbiy vazifasini vaqtincha bajargan edi.
Ayni damda "ko'klar" Angliya Premer-ligasida 36 ta o'yindan so'ng 49 ochko jamg'arib, turnir jadvalining 9-pog'onasini egallab turibdi. Jamoa rahbariyati musobaqadagi beqarorlikni yangi mutaxassis yordamida bartaraf etmoqchi.
Ma'lumot uchun, futbol bo'yicha 2026 yilgi Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulga qadar AQSh, Kanada va Meksika maydonlarida bo'lib o'tadi. Klub rahbariyati yangi murabbiy mundial boshlanishidan oldin ishga kirishishini istamoqda.