«Chelsi» himoyachisi Malo Gyusto «ko'klar» bosh murabbiyi Liam Rosenor haqida o'z fikri bilan o'rtoqlashdi.

«Men Rosenorni eng yaxshi murabbiylardan biri deb hisoblayman, ko'pchilik uni tanqid qilganini ko'rdim. Nima uchun uni bunchalik tez-tez tanqid qilishlarini tushunmayman, u «Chelsi»ga kelganidan beri men u bilan ko'p ishlayapman.

Menimcha, u top-menedjer va hali yosh. Avval aytganimdek, biz unga ishonishimiz, qanday o'ynayotganimizga ishonishimiz va rejaga amal qilishimiz kerak. U yaxshi inson, juda halol, juda oddiy va ishiga bo'lgan ishtiyoqi yuqori ekanligi ko'rinib turibdi», — dedi Gyusto «ESPN» nashriga bergan intervyusida.

Liam Rosenor shu yilning yanvar oyida «Chelsi» boshqaruvini qo'lga oldi va klub bilan 2032 yilgacha mo'ljallangan shartnoma imzoladi. Hozirda London klubi Angliya Premer-ligasi turnir jadvalida 31 turdan so'ng 48 ochko jamg'argan holda oltinchi o'rinni egallab turibdi.