«Chelsi» himoyachisi Yorrel Xato jamoaning joriy mavsumdagi natijalari haqida o'z fikrini bildirdi.

«Ko'klar» Premer-liganing 32 turidan so'ng turnir jadvalida oltinchi o'rinni egallab turibdi. Yakshanba kuni Liam Rosenor shogirdlari o'z maydonida «Manchester Siti»dan qaqshatqich mag'lubiyatni (0:3) qabul qilib oldi.

«Biz bunday darajadagi klub uchun etarlicha yaxshi o'yin ko'rsatmayapmiz. Bunday holat yuz bermasligi kerak, biz Chempionlar ligasiga yo'llanma olishimiz shart. O'sishga erishishimiz lozim — ikkinchi bo'lim muvaffaqiyatsiz chiqdi. Sababi nimada ekanligini bilmayman.

Bizda hali Chempionlar ligasiga chiqish uchun imkoniyat bor. Oldinda oltita o'yin kutib turibdi. Ushbu mag'lubiyatni unutib, oldinga intilishimiz kerak», — dedi Xato Sky Sports nashriga bergan intervyusida.

Kelasi shanba, 18 aprel kuni «Chelsi» o'z uyida «Manchester Yunayted»ga qarshi maydonga tushadi.