"Chelsi" FA'ning ayblovidan so'ng bayonot berdi

"Chelsi" o'zining rasmiy veb-saytida bayonot e'lon qildi. Bu bayonot Angliya futbol assotsiatsiyasi tomonidan klubga qarshi 2009-2022 yillar davomida, ya'ni Roman Abramovich "aristokratlar"ning egasi bo'lgan davrda, 74 ta ayblov ilgari surilganidan so'ng chiqarildi.
"Chelsi"ning ta'kidlashicha, klubning amaldagi xo'jayinlari 2022 yil 30 may kuni klubni sotib olish bo'yicha kelishuvni yakunlagan. O'sha paytda o'tkazilgan tekshiruv davomida o'tgan yillar uchun moliyaviy hisobot to'liq bo'lmasligi mumkinligi aniqlandi. Bu haqda klubning o'zi Futbol assotsiatsiyasi va boshqa tartibga soluvchi organlarga ma'lum qilgan.
"Klub ushbu jarayonda misli ko'rilmagan shaffoflikni namoyish etdi, jumladan, fayllar va tarixiy ma'lumotlarga to'liq kirish imkoniyatini taqdim etdi. Bu ishni tezroq yakunlash uchun Futbol assotsiatsiyasi bilan hamkorlikni davom ettiramiz," - deyiladi bayonotda.
"Chelsi" futbol assotsiatsiyasiga hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirdi.