Londonning «Chelsi» klubi shu yozda himoyachi Trevo Chalobani sotib yuborishi mumkin. Italiyaning «Komo» klubi kelishuvga erishish uchun ilk urinishni amalga oshirdi, biroq londonliklarni taklif etilgan summa qoniqtirmadi.

Sky Sport Italia nashri bergan ma'lumotlarga ko'ra, «Komo» 26 yoshli angliyalik futbolchi uchun 25 million evro hamda bonus tariqasida yana 2 million evro taklif qilgan. Biroq «Chelsi» ushbu transferdan kamida 30 million evro va o'yinchining ko'rsatkichlariga qarab yana 5 million evro bonus ishlab olishni rejalashtirmoqda. Muzokaralar davom etmoqda, ammo «aristokratlar» hozircha moliyaviy talablarini pasaytirish niyatida emas.

Shu bilan birga, «Komo»ning jiddiy raqobatchisi bor — Milanning «Inter» klubi ham himoyachiga qiziqish bildirmoqda. Chaloba — «Chelsi» akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Keyingi oyda u 27 yoshni qarshi oladi. Yakunlangan mavsumda u klub safida barcha musobaqalarda 47 ta o'yinda maydonga tushib, 3 ta gol urishga muvaffaq bo'ldi.

Manba: Stadion.uz