"Bornmut" klubi qanot hujumchisi Antuan Semenoga Londonning "Chelsi" klubi qiziqish bildirmoqda. Bu haqda Fichajes xabar berdi.

Manbaga ko'ra, "ko'klar" APL yangi mavsumini juda kuchli boshlagan 25 yoshli vingerni o'z safiga qo'shib olmoqchi. Ta'kidlanishicha, poytaxtliklar Semenoni sotib olish uchun 92 million evro ajratishga tayyor.

Angliya Premer-ligasining bu yilgi mavsumida Semeno 7 ta uchrashuvda 6 ta gol urdi va 3 ta golli uzatmani o'z hisobiga yozdirib qo'ydi.

Qo'shimcha qilamizki, futbolchining "Bornmut" bilan amaldagi mehnat shartnomasi 2030 yilning yarmigacha mo'ljallangan.