«Chelsi» 114 yil ichida ilk bor bunday natija qayd etdi

Londonning «Chelsi» klubi Angliya chempionati tarixida so'nggi 114 yil ichida kuzatilmagan sharmandali natijani qayd etdi. Bu haqda Squawka statistik portali o'zining X (sobiq Twitter) sahifasida xabar bermoqda.
Seshanba, 21 aprel kuni londonliklar «Brayton»ga 0:3 hisobida imkoniyatni boy berishdi. Bu Liam Rosenor shogirdlari uchun APL doirasidagi qatorasiga beshinchi mag'lubiyat bo'ldi. Eng achinarlisi, «aristokratlar» ushbu beshta o'yinning birortasida raqib darvozasiga yo'l topa olishmadi.
«Chelsi»ning omadsizliklar seriyasi quyidagicha ko'rinish oldi:
-
«Manchester Yunayted» — 0:1;
-
«Manchester Siti» — 0:3;
-
«Everton» — 0:3;
-
«Nyukasl» — 0:1;
-
«Brayton» — 0:3.
Ayni paytda «Chelsi» 34 ta o'yindan so'ng 48 ochko bilan turnir jadvalining 7-pog'onasini egallab turibdi. Jamoa navbatdagi uchrashuvini 4 may kuni o'z maydonida «Nottingem Forest»ga qarshi o'tkazadi.