Cheferin va Peres yarashishdimi? UEFA prezidenti Superliga loyihasining yakunlangani haqida fikr bildirdi

UEFA prezidenti Aleksander Cheferin Evropa Superligasi loyihasining nihoyat barham topganiga munosabat bildirdi. So'nggi besh kun ichida loyihaning oxirgi ishtirokchilari — «Barselona» va «Real Madrid» ham undan voz kechganini e'lon qildi.
"Real" va "Barselona" yana oilamizga qo'shilganidan juda xursandman. Rostini aytsam, hammamiz bu bahs-munozaralardan charchagandik. "Real" prezidenti bilan kelishmovchiliklarimiz bo'ldi, lekin bir narsani aniqlashtirib olsak: biz hech qachon bir-birimizga bo'lgan hurmatni va o'yinga bo'lgan muhabbatimizni yo'qotmaganmiz. Bu vaziyatda yagona g'olib — futbol", — deya Cheferinning so'zlarini keltirmoqda «FOX Sports».
Ma'lumki, Superliga loyihasini Florentino Peres juda faol qo'llab-quvvatlab kelayotgan edi. Dastlab loyihani Evropaning 12 ta grand klubi boshlagan, biroq ulardan 9 tasi muxlislarning keskin noroziligidan so'ng tezda bu fikrdan voz kechgandi. Keyinroq «Yuventus», yaqinda esa Ispaniyaning ikki giganti ham Superligani tark etdi.