Cheferin: «Evropa jamoalari Evropada o'ynashi kerak»

UEFA rahbari Aleksandr Cheferin A Seriya va La Liga o'yinlarini mamlakatdan tashqarida o'tkazilishiga munosabat bildirdi.
— La Liga va A Seriya o'yinlarini Evropadan tashqarida o'tkazmoqchi. Siz bu haqda nima deysiz?
— Evropa jamoalari Evropada o'ynashi kerak. Biz bu masalani FIFA va barcha federatsiyalar bilan ham muhokama qilamiz, chunki menimcha, bu yaxshi emas. Agar bu istisno bo'lsa — mayli. Agar bunga sabab bo'lsa — mayli. Lekin Evropa jamoalari Evropada o'ynashi kerak, chunki ularni qo'llab-quvvatlaydigan muxlislar Evropada yashaydi. Bu ajoyib an'ana.
Biz bundan mamnun emasmiz, lekin yuridik nuqtai nazardan tekshirganimizda, ko'p imkoniyatimiz yo'qligini ko'rdik, agar federatsiyalar rozi bo'lsa, biz qarshi chiqa olmaymiz. Ispaniya va Italiya federatsiyalari esa bunga rozi bo'lishgan. Lekin kelajakda bu masalani juda jiddiy muhokama qilishimizga to'g'ri keladi, chunki futbol Evropada o'tkazilishi kerak va muxlislar uni uyida ko'rishi lozim. Ular o'z jamoalarini ko'rish uchun Avstraliya yoki AQShga bora olmaydi», - dedi Cheferin.