2024/25 yil mavsumi yakunlari bo'yicha dunyodagi eng yaxshi futbolchiga “Oltin to'p” mukofoti topshirish marosimi dushanba kuni Parijdagi Shatle teatrida bo'lib o'tadi. Tantanali marosim boshlanishi Toshkent vaqti bilan 23:00 da belgilangan.

Ikkinchi marta “Oltin to'p” mukofoti Evropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) bilan hamkorlikda o'tkaziladi. 2010–2015 yillarda bu sovrin France Football jurnali va Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) bilan birgalikda topshirilgan edi. 2016 yildan esa ikki alohida mukofot berila boshlandi: biri France Football talqinida, ikkinchisi FIFA versiyasi bo'yicha. FIFA sovrini 1991–2009 yillarda ham mavjud bo'lgan. O'tgan yili “Oltin to'p”ga Angliyaning “Manchester Siti” klubida to'p surgan ispaniyalik yarim himoyachi Rodri sazovor bo'lgan edi.

“Oltin to'p” sovrini eng yaxshi futbolchi va futbolchi qizga ularning shaxsiy ko'rsatkichlari, jamoaviy yutuqlari hamda halol o'yini (fair play) asosida beriladi. Xalqaro hakamlar hay'ati FIFAning so'nggi reytingida yuqori 100 mamlakatdan (erkaklar) va yuqori 50 mamlakatdan (ayollar) maxsus sport jurnalistlaridan iborat bo'ladi. Har bir hakam 30 nomzoddan 10 nafariga ovoz beradi va o'yinchilar ball tizimi bo'yicha joylashtiriladi. Agar bir nechta futbolchida balllar teng chiqsa, birinchi o'rin ovozlari ko'proq bo'lgan futbolchi g'olib deb topiladi.

Erkaklar orasidagi nomzodlar ro'yxatiga angliyalik Jud Bellingem, frantsuz Kilian Mbappe, braziliyalik Vinisius Junior (“Real”), frantsuzlar Usmon Dembele va Dezire Due, marokashlik Ashraf Hakimiy, gurji Xvicha Kvaratsxeliya, portugaliyaliklar Nunu Mendesh, Vitinya va Joau Nevesh, ispaniyalik Fabian Ruis (barchasi – “Pari Sen-Jermen”), angliyalik Harri Keyn, frantsuz Maykl Olise (ikkalasi – “Bavariya”), polyak Robert Levandovskiy, ispaniyaliklar Pedri va Lamin Yamal, braziliyalik Rafinya (barchasi – “Barselona”), nemis Florian Virts, argentinalik Aleksis Mak Allister, misrlik Muhammad Saloh, niderlandiyalik Virjil van Deyk (barchasi – “Liverpul”), niderlandiyalik Denzel Dyumfris, argentinalik Lautaro Martines (ikkalasi – “Inter”), gvineyalik Seru Girassi (“Borussiya” Dortmund), shved Viktor Dyokeresh, angliyalik Deklan Rays (ikkalasi – “Arsenal”), angliyalik Koul Palmer (“Chelsi”), norvegiyalik Erling Holand, italiyalik Janluidji Donnarumma (ikkalasi – “Manchester Siti”), shotlandiyalik Skott Maktominey (“Napoli”) kiritilgan.

Boshqa nominatsiyalar

2018 yildan beri tashkilotchilar boshqa nominatsiyalar bo'yicha ham mukofotlar topshiradi. Shundan beri ayol futbolchilar ham “Oltin to'p” uchun kurashadi. O'tgan yili bu sovrin “Barselona” a'zosi ispaniyalik Aytana Bonmatiga berilgan. U va Aleksiya Putellas ikki marotaba g'olib bo'lgan. Bu safar ham ikkalasi nomzodlar qatorida.

Eng yaxshi darvozabon sovrini Moskva “Dinamo” va SSSR terma jamoasining afsonaviy posboni Lev Yashin sharafiga atalgan. Yashirni hozirgacha “Oltin to'p” olgan yagona darvozabon sifatida tarixda qolgan. O'tgan yili bu sovrin ikkinchi marta ingliz klubi “Aston Villa”da to'p suradigan argentinalik Emiliano Martinesga berilgan. U bu yil ham nomzodlar qatorida – Donnarumma, “Liverpul”dan braziliyalik Alisson, “Al-Hilol”dan marokashlik Yassin Bunu, PSJdan frantsuz Lyuka Shevale, “Real”dan belgiyalik Tibo Kurtua, “Atletiko”dan sloveniyalik Yan Oblak, “Arsenal”dan ispaniyalik David Rayya, “Nottingem Forest”dan belgiyalik Mats Sels va “Inter”dan shveytsariyalik Yann Zommer kiritilgan. Bu yil birinchi marta ayollar futbolida ham darvozabonlar alohida mukofotlanadi.

Shuningdek, 21 yoshgacha eng yaxshi futbolchi va futbolchi qiz uchun Raymon Kopa trofeyi, erkaklar va ayollar futbolida eng yaxshi murabbiy uchun Yoxan Kroyff sovrini, eng yaxshi klublar, mavsumning eng yaxshi to'purari, shuningdek, maydondan tashqari ijtimoiy faoliyat uchun Sokrates mukofoti egalarining nomi e'lon qilinadi.

“Oltin to'p” France Football jurnali bosh muharriri Gabriel Ano tashabbusi bilan ta'sis etilgan. Birinchi marta 1956 yilda ingliz klubi “Blekpul” hujumchisi Stenli Mettyuzga topshirilgan. O'shanda g'olibni sport jurnalistlari aniqlar edi. Avvaliga sovringa faqat evropalik futbolchilar da'vogar bo'lgan, 1995 yildan boshlab esa har qanday milliylikka mansub futbolchi unga nomzod bo'lishi mumkin, shart – u Evropa klubida o'ynashi kerak. 2007 yildan boshlab esa trofeyga dunyoning istalgan klubi futbolchisi da'vogarlik qila oladi.

Manba: stadion.uz