Xorvatiya terma jamoasi sardori Luka Modrich oltinchi bor jahon chempionatida ishtirok etgan kam sonli futbolchiga aylandi. Bunday nomga Argentina sardori Lionel Messi va Portugaliya etakchisi Krishtianu Ronaldu ham sazovor bo'ldi. Agar Meksika darvozaboni Gilermo Ochoa 3-turda maydonga tushsa, u ham mana shunday rekord sohibiga aylanadi.

Eng tartibli futbolchi hisoblangan Luka Modrich bilan bog'liq qiziqarli fakt. Angliyaga qarshi o'yinda Modrich o'z jarima maydonchasi ichida qo'pollik sodir etib, penaltiga sababchi bo'lgandi. Bu Modrichning faoliyatidagi ilk bunday holat.

Xorvatiya terma jamoasidagi yana bir futbolchi o'ziga xos natija qayd etdi. Angliyaga qarshi o'yinda Petar Musaga golli uzatma berib, Ivan Perishich to'rt yoki undan ortiq Jahon chempionatlarida assist qilgan ikkinchi futbolchiga aylandi. Beshta Jahon chempionatida golli uzatma bergan Lionel Messi bu ro'yxatda birinchi o'rinda turibdi. Messi bu ko'rsatkichni yaxshilashi imkoniga ega.

Messi haqida gapirganda, Krishtianu Ronalduni tilga olmaslikning iloji yo'q. U hozirda milliy terma jamoasi safida o'ndan ortiq yirik turnirlarda qatnashgan evropaliklar ro'yxatida etakchilik qilmoqda. Krishtianu jami 12 ta musobaqada qatnashgan. Bu ro'yxatda ikkinchi o'rinda yuqorida tilga olingan Luka Modrich turadi, u 10 ta yirik turnirda ishtirok etgan.

Kongoga qarshi o'yinda maydonga tushgan Krishtianu Ronaldu yana bir rekordni yangiladi: u Jahon chempionati tarixida o'yinni boshlagan eng keksa o'yinchi bo'ldi. U maydonga tushganida 41 yoshu 132 kunlik edi.

Argentina Jazoir ustidan qozonilgan g'alabadan so'ng, Lionel Messi Jahon chempionatidagi g'alabalar bo'yicha Miroslav Klozening rekordini takrorladi. Endi har ikkala o'yinchida ham 17 ta g'alaba bor va Messi Klozening rekordini yangilash uchun barcha imkoniyatlarga ega.

Bundan tashqari, mundialning yana bir yulduzi Kilian Mbappe Senegal darvozasiga urgan ikkita goli bilan Frantsiya terma jamoasining eng yaxshi to'purariga aylandi. Avvalroq to'purarlar bahsida Olive Jiru etakchilik qilayotgandi.

Shvetsiyaga qarshi o'yinda 5:1 hisobida mag'lub bo'lgan Tunis Jahon chempionati davomida ishdan bo'shatilgan murabbiylar soni bo'yicha rekordchiga aylandi. Ular buni tarixda ikki marotaba amalga oshirishgan. Oxirgi marta 1998-yilda, Tunis murabbiyi Genri Kasperchak ikkinchi turdan keyin ishdan bo'shatilgandi.

Manba: Stadion.uz