«Bu Konferentsiyalar Ligasi darajasi»: Edu Agirre «Real»ning La Ligadagi omadsizliklari haqida

Mashhur ispaniyalik jurnalist Edu Agirre «Real Madrid»ning joriy mavsumdagi muammolari haqida keskin fikr bildirdi.
La Liganing 31-turi doirasida juma kuni bo'lib o'tgan bahsda «Jirona» bilan durang o'ynagan (1:1) «qaymoqranglilar» chempionlik imkoniyatini deyarli qo'ldan chiqarishdi. Ayni damda Madrid grandining turnir jadvalida peshqadamlik qilayotgan «Barselona»dan orqada qolishi 9 ochkoni tashkil etmoqda.
"Real" chempionatda Evropa Ligasi darajasidagi jamoadek o'ynamoqda. Yo'q, hatto Konferentsiyalar Ligasi darajasida. Ular "Elche", "Selta", "Xetafe", "Malorka" va "Jirona"ga qarshi o'yinlarda qoqilishdi. Bu raqib darvozaboni 15 ta seyv ijro etgan, "Real" esa to'xtovsiz hujum qilgan ikki yil oldingi holat emas. Yo'q, bu o'yinlarning barchasida 75-daqiqadayoq jamoa g'alaba qozona olmasligi ma'lum edi. Bunday bo'lishi kerak emas. Ushbu "Real" — jadvalning o'rtamiyonasi, Konferentsiyalar Ligasi darajasi", — deya Agirrening so'zlarini keltirmoqda Madrid Universal.
Eslatib o'tamiz, 15 aprel kuni Alvaro Arbeloa shogirdlari Chempionlar ligasi 1/4 finali doirasida «Bavariya»ga qarshi javob uchrashuvini o'tkazishadi.