Brunu «MYu»dagi kelajagi va Angliyadagi hayoti haqida gapirdi

«Manchester Yunayted» yarim himoyachisi Brunu Fernandesh Angliyadagi hayoti haqida gapirib berdi.
Portugaliyalik futbolchi 2020 yilning boshidan beri «qizil iblislar» sharafini himoya qilib kelmoqda va turli mish-mishlarga qaramay, jamoani tark etishga shoshilmayapti.
«Manchester men uchun va farzandlarim uchun haqiqiy uyga aylandi. Bolalarim o'zlarini qulay his qilayotgan joyda bo'lish men uchun juda muhim. Farzandlarim mahalliy aktsent bilan ingliz tilida gapirayotganini eshitmagunimcha, o'zimni manchesterlikdek his qilib yurardim. O'sha lahzada mendagi aktsent ularnikidek kuchli emasligini tushunib etdim», — deya Fernandeshning so'zlarini keltirmoqda UtdDistrict.
Sardorning «MYu» bilan shartnomasi 2027 yilning yoziga qadar mo'ljallangan bo'lib, unda kelishuvni avtomatik tarzda yana bir yilga uzaytirish imkoniyati ham mavjud.