Brunu Fernandeshga kutilmagan da'vogar paydo bo'ldi

«Manchester Yunayted» yarim himoyachisi Brunu Fernandesh Turkiyaning «Galatasaroy» klubi qiziqishlari doirasiga tushdi. Bu haqda Sporx nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko'ra, Istanbul klubi 31 yoshli portugaliyalik futbolchini bo'lajak yozgi transferlar oynasidagi asosiy maqsad etib belgilagan. «Galatasaroy» rahbariyati «MYu» yulduzini o'z safiga qo'shib olish yo'lida hatto belgilangan byudjetdan tashqariga chiqishga ham tayyor.
Qayd etilishicha, transfer summasi taxminan 40 million evroni tashkil qilishi mumkin. Shuningdek, turklar Fernandeshning Angliyadagi maoshini ham saqlab qolish niyatida: klub futbolchiga yiliga 12 million evro maosh taklif qilmoqda.
Ma'lumot uchun, Brunu Fernandesh joriy mavsumda barcha turnirlar doirasida 32 ta o'yinda maydonga tushib, o'z hisobiga 8 ta gol va 19 ta golli uzatmani yozdirib qo'ygan. Mutaxassislar ushbu transfer amalga oshishi Turkiya chempionati uchun yil voqeasi bo'lishini ta'kidlashmoqda.