Braziliya Oliy Sport sudi "Internasional" himoyachisi Viktor Gabrielni jarohat olgan "Kruzeyro" hujumchisi Gabriel Pek jarohatidan tuzalib ketgunga qadar o'yinlardan chetlatdi. Bu haqda The Touchline xabar berdi.

Viktor Gabriel "Kruzeyro"ga qarshi o'yinning 58-daqiqasida Gabriel Pekga qattiq zarba berdi va qoidabuzarlik uchun to'g'ridan-to'g'ri qizil kartochka oldi. Hujumchining oyoq suyagi singan va operatsiya qilingan. Xabar qilinishicha, uning safga qaytishi uchun uch-to'rt oy kerak bo'ladi.

Oliy sport sudi jarohatning og'irligini hisobga olgan holda, bu vaziyatda 6 o'yinga chetlatishdan iborat standart diskvalifikatsiya etarli emas deb hisobladi. Shu sababli Gabrielni raqibi safga qaytguncha chetlatish bo'yicha qaror qabul qilindi.

O'yin "Kruzeyro"ning 2:1 hisobidagi g'alabasi bilan yakunlandi.

Manba: Stadion.uz