«Brayton» Vushkovich uchun 35 million evro taklif qildi

«Brayton» klubi «Tottenxem»ga 19 yoshli xorvatiyalik himoyachi Luka Vushkovichni sotib olish bo'yicha taxminan 35 million evrolik taklif yubordi. Bu haqda The Athletic nashri xabar bermoqda.
Futbolchiga Evropaning yana bir qator klublari ham qiziqish bildirmoqda, biroq Vushkovichning o'zi faoliyatini rivojlantirish uchun «Brayton»ni eng ma'qul variant deb hisoblaydi. Bu ko'p jihatdan jamoa bosh murabbiyi Fabian Xyurtseler bilan bog'liq bo'lib, futbolchi u bilan «Gamburg»dagi ijara muddati orqali tanish.
Bundesliganing yakunlangan mavsumida himoyachi 28 ta o'yinda maydonga tushib, 6 ta gol urdi va Evropaning eng istiqbolli futbolchilaridan biri maqomini mustahkamladi. Shuningdek, Vushkovich Xorvatiya terma jamoasining 2026 yilgi Jahon chempionati uchun qaydnomasiga kiritilgan.
«Tottenxem» ushbu o'yinchini 2023 yilda «Xayduk»dan taxminan 12 million evroga sotib olgan edi, uning shartnomasi esa 2030 yilgacha mo'ljallangan. Futbolchi o'z kelajagi borasidagi yakuniy qarorni turnir (JCh-2026) yakunlanganidan keyin qabul qiladi.