«Brayton» rasman yangi vinger transferini e'lon qildi

«Brayton» Shvetsiyaning AIK klubidan vinger Zeydok Yoxannaning transferi bo'yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda klub rasmiy sayti xabar bermoqda.
18 yoshli nigeriyalik futbolchi jamoa bilan 5 yillik shartnoma imzoladi. Transfer summasi oshkor qilinmayapti, biroq yaqindagina «Nyukasl» ushbu o'yinchi uchun 24 million evro taklif qilgani ma'lum. Kelishuv transfer oynasi ochilib, barcha zarur ruxsatnomalar olinganidan so'ng rasman yakuniga etadi.
Yoxanna Evropaning eng istiqbolli yosh futbolchilaridan biri hisoblanadi. Joriy mavsumda u Shvetsiyaning AIK jamoasi safida barcha musobaqalarda 18 ta o'yinda maydonga tushib, 5 ta gol va 4 ta golli uzatmani o'z hisobiga yozdirib qo'ydi.
Yoxanna faoliyatini Nigeriya akademiyalaridan birida boshlagan, 2025 yilda esa Shvetsiyaga ko'chib o'tib, u erda tez fursatda moslashdi va AIKning asosiy tarkib futbolchisiga aylandi.