Madridning «Real» klubi hujumkor yarim himoyachisi Braim Dias hozircha «Yuventus»ning qiziqishiga javob qaytarmayapti. Turin klubi marokashlik futbolchini hujum chizig'ini kuchaytirish uchun ideal variant deb hisoblamoqda. «Keksa sinora» vakillari allaqachon futbolchining otasi bilan aloqaga chiqishgan, biroq kelishuvdan hali ancha yiroq.

Insayder Janluka di Martsio bergan ma'lumotlarga ko'ra, Dias «Real»da qolishni va jamoaning yangi bosh murabbiyi Joze Mourinoning ishonchini qozonishga harakat qilib ko'rishni istamoqda.

Ayni damda Braim klubdan ketish haqida o'ylamayapti. Biroq, agar portugaliyalik murabbiy 26 yoshli futbolchini asosiy tarkibda ko'rmayotganini ochiq-oydin bildirsa, vaziyat o'zgarishi mumkin. Diasning Transfermarkt portalidagi bahosi 35 million evroni tashkil etadi.